Cho‘llanish dinamikasi va kelajakdagi yo‘nalishlar: qishloq xo‘jaligida ekish texnologiyalariga e’tibor qaratilgan tadqiqot natijalari.
Qabul qilingan: 2026-09-15
Nashr etilgan: 2026-09-15
Annotatsiya
Cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasi quruq hudud ekotizimlarining mahsuldorligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy ekologik va qishloq xo‘jaligi muammolaridan biridir. Yaylovlarning degradatsiyasi va tuproq unumdorligining pasayishi degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash hamda ozuqabop o‘simliklarning yaxshi unib-o‘sishini ta’minlash uchun samarali texnologiyalarni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda. Ushbu tadqiqot qishloq xo‘jaligida ekish texnologiyalarini, xususan, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil sharoitlarda qo‘llash mumkin bo‘lgan seyalkalar, ekish agregatlari va urug‘ me’yorlagichlarning rivojlanishi hamda ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot tendensiyalarini tahlil qiladi.2013–2024-yillar davrida Web of Science Core Collection ma’lumotlar bazasida indekslangan ilmiy nashrlar Microsoft Excel, MapChart va VOSviewer dasturlari yordamida bibliometrik tahlil qilindi. Jami 981 ta ilmiy nashr aniqlandi, ularning qariyb 90 foizini taqrizdan o‘tgan ilmiy maqolalar tashkil etdi. Tahlil davomida nashrlar dinamikasi, geografik taqsimot, ilmiy hamkorlik, tadqiqot mavzulari hamda asosiy yo‘nalishlar va yangi rivojlanayotgan tadqiqot sohalarini aniqlash maqsadida kalit so‘zlar o‘rtasidagi bog‘liqliklar o‘rganildi.Natijalar suv tanqisligi sharoitida urug‘larni tuproqqa optimal joylashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish uchun ilg‘or ekish texnologiyalari, aniq me’yorlash tizimlari va avtomatlashtirishni qo‘llashga bo‘lgan ilmiy qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatdi. Shuningdek, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini kuchaytirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligi aniqlandi. Samarali ekish va urug‘ me’yorlash texnologiyalarini yanada rivojlantirish va amaliyotga joriy etish degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, ozuqabop o‘simliklarning barqaror shakllanishini ta’minlash hamda qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqarorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.